Jeep Wrangler Broncoʻga qarshi mustaqil old osma olishi mumkin
SEMA koʻrgazmasida mustaqil old osmali Jeep Wrangler Scrambler SRT Concept taqdim etildi; bu osma barcha Wrangler egalari uchun opsiya sifatida taklif qilinishi mumkin.

Stellantis kompaniyasining AQShdagi brendlari rahbari Tim Kuniskis Las-Vegasda Jeep Wrangler Scrambler SRT Conceptʼni taqdim etdi va mustaqil old osmani faqat SRT uchun emas, Wranglerʼning barcha versiyalari uchun ham taklif qilish kerakmi, deb soʻradi. Qaror hali qabul qilinganicha yoʻq.
Scrambler SRT 2030 yilgacha chiqishi kerak. Osma yoʻltanlamas poygalari chempioni Casey Currie bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan: diametri 2,5 dyuym boʻlgan Fox amortizatorlariga ega tizim NORA 500 musobaqasida oʻz klassida gʻolib chiqqan, qayta jihozlangan Jeep Gladiator Strikerʼda sinovdan oʻtkazilgan.
Anʼanaga koʻra, Wrangler yaxlit old koʻprik bilan jihozlanadi. Ford Broncoʻda mustaqil old osma asfaltdagi yurish xususiyatlarini yaxshilashga yordam beradi va shu sababli model xaridorlar uchun Wrangler bilan raqobatlasha oladi.
Wrangler va Gladiator Stellantis kompaniyasining Toledo shahridagi zavodida ishlab chiqariladi, kelajakdagi Ram Dakota esa, kutilishicha, shu yerda ishlab chiqariladi. Bir nechta model uchun osmani birxillashtirish uni joriy etish xarajatlarini kamaytirishi mumkin.





