Yevropa Ittifoqi 2035-yil uchun chiqindi meʼyorlarini yumshatar ekan, avtomobil ishlab chiqaruvchilarga yengillik berilmoqda
Yevroparlamentning atrof-muhit qoʻmitasi chiqindilarni qisqartirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichni 100 foizdan 87,5 foizgacha kamaytirish taklifini maʼqulladi. Bu 2035-yildan keyin ichki yonuv dvigateliga ega koʻproq avtomobillarni sotishga imkon beradi.

Ovoz berish 4-noyabr kuni boʻlib oʻtdi. Taklifda, shuningdek, faqat ruxsat etilgan yoqilgʻi turlarida, jumladan bioyoqilgʻida ishlaydigan avtomobillarni nol chiqindili avtomobillar sifatida tan olish nazarda tutilgan.
Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan kichik va oʻta samarali elektromobillar uchun maxsus koeffitsiyentlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Meʼyorlarga mos keladigan har bir kichik elektromobil talablar bajarilishini hisoblashda 1,4 ta avtomobil sifatida hisobga olinadi, yirikroq oʻta samarali modellar uchun esa 1,2 koeffitsiyenti belgilanadi. Bu avtomobil konsernlariga ichki yonuv dvigatelli mashinalarni koʻproq sotish hisobini qoplash imkonini beradi.
Ishlab chiqaruvchilar chiqindilarning 7,5 foizigacha boʻlgan qismini Yevropada ishlab chiqarilgan kam uglerodli poʻlat uchun beriladigan kreditlar hisobiga qoplay oladi. Elektromobillar samaradorligiga qoʻyiladigan aniq talablar hozircha eʼlon qilinmagan. Qoʻmita furgonlarga qoʻyiladigan talablarni ham yumshatib, chiqindilarni qisqartirish boʻyicha oraliq va yakuniy koʻrsatkichlarni pasaytirdi.
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi qarorni pragmatik deb atadi, biroq taklif qilingan yengilliklarni koʻlami va amal qilish muddati jihatidan yetarli emas, deb baholadi. Toyota ham bu qadamni olqishladi, shu bilan birga yanada katta moslashuvchanlikka chaqirdi.
Yevropa kompaniyalari elektromobillar batareyalarining yuqori narxi fonida oʻzgarishlarni talab qilgan edi. Daromadi yuqoriroq boʻlgan ichki yonuv dvigatelli modellar ularga moslashuvchanlikni saqlab qolish imkonini beradi, garchi bu yil Yevropada benzin va dizel yoqilgʻisi qimmatlashgani fonida elektromobillar savdosi oshgan boʻlsa ham. Chora-tadbirlar paketi Yevropada batareyalar ishlab chiqarish zanjirini rivojlantirish va tartibga solish yukini kamaytirishni ham oʻz ichiga oladi.





