Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Texnologiyalar

Bu AQSh kompaniyasi Ford Ranger bazasida ish maydonlari uchun yuk mashinalari qurmoqchi

AQSh startapi Tomo Trucks Ford Ranger shassisida yuk mashinasini ishlab chiqmoqda. Ilk avtomobillarni mijozlarga 2027-yilda yetkazish rejalashtirilgan, hozircha esa faqat prototip namoyish etildi.

10-noyabr, 11:28По-русски

Read in English

Virjiniya shtatining Roanok shahrida joylashgan Tomo Trucks tijoriy mijozlar uchun moʻljallangan ixcham yuk mashinasi konsepsiyasini taqdim etdi. Model hali nomlanmagan va asosan xususiy xaridorlar uchun emas, ish maydonlarida foydalanishga moʻljallangan.

Mashina Ford Ranger asosida yaratilgan. Yalangʻoch shassiga ochiq kabina va uzunligi besh fut boʻlgan poʻlat yuk platformasi oʻrnatilgan. Kuzovning odatiy elementlari va qulayliklar deyarli yoʻq: kabina biologik asosdagi kompozit materiallardan tayyorlangan, yon qismlari esa ochiq qolgan.

Kompaniya texnik tafsilotlar, narx va xususiyatlarni oshkor qilmadi. Hozircha loyiha haqidagi maʼlumotlar faqat Tomo Trucksʼning Facebookʼdagi postida eʼlon qilingan, startap sayti esa budjet va afzal koʻrilgan platforma haqidagi ikki savoldan iborat forma koʻrinishida. Variantlar orasida benzinli va elektr Ford Ranger, F-150’ning V8 versiyasi hamda dizel Super Duty bor.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Tomo Trucks ilk yuk mashinalarini mijozlarga 2027 kalendar yili davomida yetkazishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarish hajmi eʼlon qilinmagan, hozirgi mashina esa prototip boʻlib qolmoqda. Roanok allaqachon shakllangan taʼminot zanjirlaridan uzoqda joylashgani sababli loyiha kichik seriyali ishlab chiqarishga oʻtishi mumkin, biroq kompaniya buni tasdiqlamagan.

Startap, shuningdek, avtomobillarni ekspeditsiya kemperlariga qayta jihozlaydigan va ekologik toza materiallardan foydalanadigan Yevropaning Greenlander kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotganini aytmoqda. Nega loyiha uchun aynan Ford Ranger shassisi tanlangani haqida Tomo Trucks izoh bermadi.

Yana oʻqing