BYD elektromobillarni besh daqiqada robot yordamida zaryadlashni namoyish etdi
BYD elektromobilni oʻzi ulab, batareyani besh daqiqada 10 foizdan 70 foizgacha toʻldiradigan tizimni taqdim etdi. U quyosh energiyasi, akkumulyator va Flash Chargingʻni birlashtiradi.

BYD Abu-Dabi choʻlida elektromobillar uchun robotlashtirilgan zaryadlash tizimini namoyish etdi. Tizim zaryadlash portini mustaqil topadi, qopqogʻini ochadi, kabelni ulaydi va sessiya tugagach, uni yigʻib oladi.
Yechim Solar-Storage-Charging tizimiga asoslangan boʻlib, u quyosh energiyasini ishlab chiqarish, uni akkumulyatorlarda saqlash va Flash Charging tezkor zaryadlash texnologiyasini birlashtiradi. BYD bayonotiga koʻra, bu barcha komponentlarni robotlashtirilgan zaryadlash bilan bitta yechimda birlashtirgan dunyodagi ilk tizimdir. Kompaniya bunday qurilma elektr tarmogʻiga ulanmasdan, avtonom ishlashi mumkinligini ham taʼkidlamoqda.
Flash Charging akkumulyator quvvatini 10 foizdan 70 foizgacha besh daqiqada oshirish imkonini beradi. 10 foizdan 97 foizgacha zaryadlash toʻqqiz daqiqa davom etadi. Avtomobil park qilingach, haydovchiga kabelni olish shart emas: zaryadlash qoʻli mashinani avtomatik ulaydi.
BYD tizimni Automated Valet Parking funksiyasi bilan bogʻlagan. Shu sababli endi nafaqat avtomobilni harakatlantirish va park qilish, balki uni zaryadlashga ulash ham avtomatlashtiriladi. Texnologiya BAAda premium toifadagi yangi flagman elektromobil — Yangwang Altior sedani taqdim etilganidan keyin namoyish qilindi.
BYD rejasiga koʻra, kompaniya 2027-yil oxirigacha butun dunyo boʻylab 6 000 ta Flash Charging stansiyasini ishga tushiradi. Kompaniya quyosh energetikasi bilan 16 yildan koʻproq vaqt davomida shugʻullanayotganini, BYD Solar boʻlinmasi esa 100 dan ortiq mamlakat va mintaqada faoliyat yuritishini maʼlum qildi.
Yana oʻqing

Ekspert elektromobillar haqidagi «qishki» afsonalarni rad etdi
Elektro va gibridlar13:56
Honda kompaniyasining yangi hashamatli miniveni Toyota Alphard bilan xaridorlar uchun raqobatlashadi
Elektro va gibridlar10-noyabr, 14:20


