Hyundai 2027-yilgi elektromobillar qatorini yangilaydi: nimalar oʻzgaradi
Hyundai AQShning 2027-yilgi elektromobillar qatoridagi oʻzgarishlarni eʼlon qildi: IONIQ 6 N va IONIQ 9 ning yangi yuqori versiyasi chiqadi, IONIQ 5 esa kichik yangilanadi.

Asosiy yangilik — Hyundaiʼning IONIQ 5 Nʼdan keyingi ikkinchi sport elektromobili IONIQ 6 N paydo boʻlishi. Oddiy IONIQ 6 2027-yilgi qatorga kirmaydi. Yangi model ikki elektromotorli toʻliq yuritma, jami 641 ot kuchi va 60 mil/soatgacha 3,2 soniyada tezlashish imkoniyatiga ega boʻladi.
IONIQ 6 N 84 kVt·soat sigʻimli batareya bilan jihozlanadi, yurish zaxirasi esa 245 milgacha boʻladi. Model 800 voltli tez zaryadlash arxitekturasidan foydalanadi: 350 kVt quvvatli doimiy tok stansiyasida batareyani 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 18 daqiqada zaryadlash mumkin. Shuningdek, avtomat uzatmali benzinli sport avtomobilining ishlashi va ovoziga taqlid qiluvchi N e-Shift hamda N Active Sound+ tizimlari boʻladi. Standart jihozlarga NACS porti va CCS adapteri kiradi.
IONIQ 5’dagi oʻzgarishlar kichikroq boʻladi. Tom relslari endi SEL komplektatsiyasidan boshlab taqdim etiladi; avval ular faqat XRT va Limited uchun mavjud edi. Hyundai HomeLink faqat Limitedʼda boʻladi, Cargo Cover esa aksessuarlar roʻyxatiga oʻtkaziladi. Gravity Gold Matte va Sage Silver Matte ranglari taklifdan chiqariladi. IONIQ 5 N versiyasi 2026 model yiliga nisbatan oʻzgarishsiz qoladi.
AQShda 2027-yilgi IONIQ 5 narxi EPA bahosiga koʻra yurish zaxirasi 245 milgacha boʻlgan oddiy IONIQ 5 SE uchun $35,250 dan boshlanadi. Yurish zaxirasi kattaroq SE RWD versiyasi $2,500 qimmatroq — $37,750 dan boshlanadi — va 318 milgacha yoʻl bosadi.
Uch qatorli IONIQ 9 uchun Calligraphy Black Ink komplektatsiyasi paydo boʻladi, Calligraphy Design esa endi taqdim etilmaydi. Calligraphy va Calligraphy Black Ink versiyalariga Virtual Gear Shift hamda uchinchi qator oʻrindiqlarini isitish funksiyasi qoʻshiladi. Barcha variantlar bagaj eshigidagi avariya yoritish chirogʻi bilan jihozlanadi. Hyundai 2027-yilgi IONIQ 9 narxlarini hozircha eʼlon qilmagan.





