BAIC burchakli NEV yoʻltanlamaslari qatorini kengaytirib, Xingtan 5Xʼni taqdim etdi
BAIC Group elektr va tashqi quvvatlanadigan gibrid versiyalarga ega, besh oʻrinli SUV — Xingtan 5Xʼni taqdim etdi. Aksiya doirasidagi narxlar 19 000 dollardan boshlanadi.

Model yangi Beijing Off-road Xingtan qatoridagi ilk avtomobil boʻldi. Avtomobil shahar boʻylab safarlar va tabiat qoʻyniga chiqish uchun moʻljallangan. Uning savdosidan oldingi buyurtmalar 23 kun davom etdi va kompaniya 30 208 ta ariza oldi.
Xingtan 5X yetti xil komplektatsiyada taqdim etiladi: uchtasi toʻliq elektr, toʻrttasi esa tashqi quvvatlanadigan gibrid. Rasmiy narxlar 19 500 dollardan 26 200 dollargacha, vaqtinchalik 500 dollarlik chegirma bilan esa 19 000–25 700 dollarni tashkil etadi.
Elektr versiyalar orqa gʻildirakdan tortish tizimi, 227 kVt quvvatli dvigatel va sigʻimi 81,9 kVt·soat boʻlgan batareya bilan jihozlangan. CLTC sikli boʻyicha yurish masofasi 625 kilometrgacha yetadi. 800 voltli arxitektura tufayli batareyani oʻzgarmas tokda 30 foizdan 80 foizgacha zaryadlash 14,5 daqiqa vaqt oladi.
Gibrid variantlar 1,5 litr hajmli turbomotor va 50,4 kVt·soatlik batareyaga ega. Old gʻildirakdan tortuvchi versiyalar CLTC boʻyicha elektr quvvatida 310 kilometr, toʻliq tortish tizimiga ega versiyalar esa 285 kilometr yoʻl bosadi. Birinchi guruhda 200 kVt quvvatli elektromotor old qismga oʻrnatilgan, ikkinchi guruhda esa xuddi shunday motor orqa oʻqqa ham qoʻshilgan va umumiy quvvat 400 kVtga yetadi.
Huawei Qiankun ADS 5 Pro haydovchiga yordam berish tizimi barcha komplektatsiyalarda mavjud emas. Ushbu tizim bilan jihozlangan elektromobillarning aksiya narxi 22 000 dollardan, gibridlarning narxi esa 22 800 dollardan boshlanadi. Majmuaga solid-state konstruksiyali lidar va 27 ta sensor kiradi. Magistral yoʻllar uchun NCA navigatsiya tizimi toʻplamga kiritilgan, shahardagi shunga oʻxshash funksiya esa alohida obunani talab qiladi.
Xingtan 5X kuzovining uzunligi 4 865 mm, kengligi 2 000 mm, balandligi 1 910 mm, gʻildirak bazasi esa 2 875 mm. Toʻliq tortish tizimiga ega versiyalar uchun yoʻltanlamas sharoitidagi 14 ta harakatlanish rejimi, orqa differensial blokirovkasi va past tezlikda harakatlanish tizimi koʻzda tutilgan.





