Hyundai Sonata N Line ikkinchi yangilanishga tayyorlanmoqda: yangi fonarlar va AWD versiyasi
Yangilanayotgan Hyundai Sonata N Line prototipi Janubiy Koreyada koʻrindi. Kuzovdagi AWD belgisi toʻliq yuritmali versiya paydo boʻlishini hozircha tasdiqlamaydi.

Hyundai Sonata N Line sinov sedani oʻzgartirilgan orqa qismi bilan evakuatorda tashildi. Qalin kamuflyaj ostida hozirgi modeldagi gorizontal elementlar oʻrniga vertikal orqa fonarlar koʻrinadi. Ularning dizayni 2025-yil avgustida taqdim etilgan yangi Hyundai Avante va Tucson modellaridagi yechimlarni eslatadi.
Avtomobilning old qismi ham qayta ishlangan: prototip yangi bamper va faralarga ega. Biroq Seamless Horizon Lamp gorizontal yorugʻlik tasmasi, ehtimol, saqlanib qoladi.
Asosiy texnik detal old qanotdagi AWD yozuvi boʻldi. Janubiy Koreya bozorida Sonata N Line hozircha faqat old gʻildiraklardan tortish tizimi, 290 ot kuchiga ega 2,5 litrli benzinli turbo dvigatel va 422 Nm aylantiruvchi moment bilan sotiladi. Biroq prototip boshqa mamlakat uchun moʻljallangan boʻlishi mumkin: masalan, AQShda Sonataʼning allaqachon toʻliq yuritmali modifikatsiyasi mavjud.
Sonataʼning hozirgi sakkizinchi avlodi 2019-yilda taqdim etilgan, N Line versiyasi esa 2020-yilda paydo boʻlgan. 2023-yilda model katta restaylingdan oʻtdi. Yangi yangilanish unga yaqin Kia K5 modelining kelasi yilda kutilayotgan ikkinchi restaylingi rejalari fonida tayyorlanmoqda.
Hyundai va Kia D toifasidagi sedanlar istiqbolini baholash uchun ularning avlodlarini rejalashtirilgan tarzda almashtirishdan voz kechishi mumkin. Shundan soʻng kompaniyalar bu modellarni ishlab chiqarishni toʻxtatishi yoki ularga katta modernizatsiya oʻtkazishi mumkin.





