Formula-1da V8 dvigatellarini 2030-yildan qaytarish kelishib olindi
FIA, Formula-1 rahbariyati va quvvat qurilmalari ishlab chiqaruvchilari 2,1 litrli turbinali V8 dvigatelli 2030-yil reglamentini prinsipial kelishib oldi. Yakuniy konsepsiya kelasi oy taqdim etiladi.

Gap 2030-yilgi mavsum uchun quvvat qurilmalariga qoʻyiladigan texnik talablar boʻyicha dastlabki kelishuv haqida bormoqda. Rejaga koʻra, Formula-1 avtomobillari 2,1 litr hajmli turbinali V8 dvigatellar bilan jihozlanadi.
Yangi reglament gibrid tarkibiy qismning rolini kamaytirishi kerak. FIA quvvat qurilmalari kamroq murakkab, yengilroq va arzonroq boʻlishiga umid qilmoqda. Bundan tashqari, oʻzgarishlar avtomobillarning ovozini yanada jarangdor qilishi kerak. Federatsiya buni barqaror texnologiyalardan foydalanish bilan bogʻlamoqda.
Formula-1da V8 dvigatellari oxirgi marta 2013-yilda qoʻllangan. Shundan keyin chempionat V6 gibrid quvvat qurilmalariga oʻtdi. Sakkiz silindrli dvigatellarni qaytarish gʻoyasi bir muncha vaqtdan beri muhokama qilinib, bir qator jamoalar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Keyingi bosqich — texnik reglamentning yakuniy konsepsiyasini kelasi oy Shanxayda boʻlib oʻtadigan FIA Butunjahon avtomobil sporti kengashi yigʻilishida taqdim etish. Shu bilan birga, amaldagi jamoalar ham tarkibiga kiradigan Formula-1 komissiyasi ishtirokchilari dvigatel reglamentlarining hozirgi siklini 2029-yilda yakunlashni qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar.





