Toyota Prius yapon gibridlari taqqoslovida eng tejamkor boʻldi
Toyota, Honda, Subaru va Mazda gibridlari taqqoslovida Toyota Prius yoqilgʻi sarfi boʻyicha eng yaxshi natijani koʻrsatdi — 100 km ga 4,13 litr.

Sharhda turli toifadagi yapon gibridlari — ixcham krossoverlardan tortib xetchbeklargacha — taqqoslandi. Xetchbeklar toifasida old gʻildirakdan tortuvchi Toyota Prius Honda Civic Hatchback Hybrid va Subaru Crosstrek Hybridʼdan oʻzib ketdi: uning yoqilgʻi sarfi 100 km ga 4,13 litrni tashkil etdi. Civicʼda bu koʻrsatkich 4,9 l/100 km, Crosstrekʼda esa 6,53 l/100 km ga teng.
Prius 2,0 litr hajmli toʻrt silindrli dvigatelga ega gibrid qurilma bilan jihozlangan, uning quvvati 194 ot kuchini tashkil etadi. Honda Civic Hatchback Hybrid 200 ot kuchiga ega va sportona xarakter taklif qiladi, biroq tejamkorlik boʻyicha Toyotaʼdan ortda qoladi. Subaru Crosstrek Hybrid 2,5 litr hajmli gorizontal qarama-qarshi joylashgan toʻrt silindrli dvigatel hamda toʻliq yuritma tizimi bilan jihozlangan, shu sababli uning yoqilgʻi sarfi yuqoriroq. Shunga qaramay, toʻliq yuritma Subaruʼni tanlash sabablaridan biri boʻlib qoladi.
Ixcham sedanlar sinfida farq minimal boʻldi: Honda Civic Hybrid 100 km ga 4,80 litr yoqilgʻi sarflaydi, toʻliq yuritmali Toyota Corolla Hybrid esa — 4,9 l/100 km. Hondaʼda quvvat ham yuqoriroq, Toyota esa Civic uchun mavjud boʻlmagan toʻliq yuritmani taklif qiladi.
Subkompakt krossoverlar orasida Toyota Corolla Cross Hybrid Subaru Crosstrek Hybridʼdan sezilarli darajada tejamkorroq. Toyota 100 km ga 5,6 litr, Subaru esa 6,53 l/100 km sarflaydi. Corolla Crossʼning boshlangʻich narxi ham pastroq va u oddiy versiyaga nisbatan yillik yoqilgʻi xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Ixcham krossoverlar sinfida Toyota RAV4 Hybrid, Honda CR-V Hybrid, Subaru Forester Hybrid va Mazda CX-50 Hybrid taqqoslandi. Nissan Rogue E-Power Hybrid sharhga kiritilmadi: model hali sotuvga chiqmagan.





