Sunʼiy intellekt mavjud boʻlmagan YHQ bandini oʻylab topishi mumkin: neyrotarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak
Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zykov sunʼiy intellekt xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidalari bandlariga havola qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Zykovning fikricha, YHQ boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyrotarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. Sunʼiy intellekt notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin. Natijada oʻquvchi xatoni yodlab olib, uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.
Buning sabablaridan biri — turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining oʻxshashligi bilan birga, ular oʻrtasida muhim farqlar ham borligidir. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa, qizil chiroqda oʻngga burilishga ruxsat beriladi. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Xorijiy materiallar asosida oʻqitilgan neyrotarmoqdan faqat Rossiya YHQsidan foydalanish soʻralgan taqdirda ham, u turli davlatlar meʼyorlarini chalkashtirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, sunʼiy intellekt esa eskirgan maʼlumotlarga tayanishi mumkin. Neyrotarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni ham oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini aytishi mumkin. Bu javob goʻyo rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.
Mutaxassis tayyorgarlik uchun amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyrotarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: undan murakkab savolni sodda soʻzlar bilan tushuntirishni, vaziyatni tahlil qilishni yoki misollar keltirishni soʻrash mumkin.
Yana oʻqing

Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Texnologiyalar26-noyabr, 17:03
Porsche sport rejimida yoʻgʻonlashadigan rulni patentladi
Texnologiyalar26-noyabr, 16:37


