AvtoVAZ Lada Azimutʼning gʻayrioddiy xususiyatini maʼlum qildi — isitiladigan yon oynalar
Lada Azimut krossoverida tushiriladigan yon oynalarni elektr orqali isitish funksiyasi paydo boʻladi. Ular uchun Borskiy shisha zavodida maxsus liniya ishga tushirildi.

Borskiy shisha zavodi AvtoVAZ bilan koʻp yillardan beri hamkorlik qilib keladi.
Har bir oyna qalinligi 1,6 mm boʻlgan ikki qatlamdan iborat. Qatlamlar orasiga isitish elementlari joylashtirilgan shaffof plyonka qoʻyiladi, tayyor mahsulotning umumiy qalinligi esa 4 mm ga yetadi. Texnologiya qishda oynadagi muz qoplamasini tezroq ketkazish va yon tomondagi koʻrish imkoniyatini saqlashga moʻljallangan.
Avval zagotovka olmosli rolik yordamida kesiladi, soʻng qizdirilib, kerakli shaklga keltiriladi. Shundan keyin shisha qatlamlari orasidagi boʻshliqdan havo harorat va bosim yordamida chiqarib tashlanadi. Shu bosqichda dastlab xira koʻrinadigan plyonka shaffof tusga kiradi.
Tayyor mahsulotlar nuqsonlar va optik buzilishlar bor-yoʻqligiga tekshiriladi, shuningdek, belgilangan shaklga muvofiqligi nazorat qilinadi. Konstruksiya muzdan tozalashdan tashqari, tovush izolyatsiyasini yaxshilashi va qishda avtomobildan foydalanishni yanada qulay qilishi kerak.
Seriyali Lada Azimut avtomobillari allaqachon dilerlarga joʻnatildi. Krossover savdosini 1 dekabrda boshlash rejalashtirilgan.





