Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Sharhlar

Toyota Camry rasman qaytmoqda: yangi sedan narxlari va komplektatsiyalari maʼlum qilindi

Yangi avlod Toyota Camry uch yillik tanaffusdan soʻng Yaponiya bozoriga qaytmoqda. Sedan old gʻildirakdan tortuvchi ikki xil versiyada taqdim etiladi, narxi esa 27 000 dollardan boshlanadi.

25-noyabr, 13:14По-русски

Read in English

5koleso.ru

Yaponiya bozori uchun Toyota ilk bor Toyota Camry avtomobillarini AQShdagi zavodidan yetkazib beradi. Shu bilan birga, sedan mahalliy sharoitga moslashtirilgan: u oʻng rulga ega, gabaritlari esa Yaponiyadagi standart mexanizatsiyalashgan avtoturargohlardan foydalanish imkonini beradi.

Bazaviy jihozlar qatoriga diagonali 12,3 dyuym boʻlgan raqamli asboblar paneli, multimedia tizimi, ikki zonali iqlim nazorati, simsiz quvvatlash moslamasi va atrofni koʻrsatuvchi kameralar kiradi. Xaridorlar 16 yoki 18 dyuymli yengil qotishmali disklarni ham tanlashi mumkin. Boshlangʻich versiyada old oʻrindiqlar qoʻlda sozlanadi.

Yaponiyadagi Toyota Camry faqat old gʻildirakdan tortuvchi boʻladi. Sedan 2,5 litr hajmli atmosferali dvigatel va elektromotordan iborat gibrid qurilma bilan jihozlangan. Dvigatel 186 ot kuchi ishlab chiqaradi, elektromotor esa yana 136 ot kuchi qoʻshadi. Ular bilan birga elektromexanik variator va ixcham batareya ishlaydi. Yoqilgʻi sarfi oʻrtacha 100 kilometrga 3,95 litr darajasida ekani koʻrsatilgan, yonilgʻi quymasdan yurish masofasi esa taxminan 1 240 kilometrga yetadi.

Qimmatroq versiyada oʻrindiqlar charm bilan bezatiladi, ostonalarga metall qoplamalar oʻrnatiladi, old oʻrindiqlar elektr sozlamalari va uch darajali shamollatish tizimiga ega boʻladi. Shuningdek, toʻqqiz karnayli audio tizimi va rul chambaragini isitish funksiyasi ham mavjud. Xavfsizlik majmuasiga frontal toʻqnashuvlarning oldini olish, koʻr nuqtalarni nazorat qilish, parkovkaga yordam berish va favqulodda toʻxtash tizimlari kiradi. Bundan tashqari, proaktiv haydash yordamchisi, qatorda ushlab turish funksiyasiga ega moslashuvchan kruiz-nazorat hamda «shaffof» kapot rejimli panoramali kameralar taqdim etiladi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media