Mexanik uzatmali Cadillac CT5-V Blackwing MSRPdan 12 310 dollarga arzon sotildi
Auksionda 2026-yilgi mexanik uzatmali Cadillac CT5-V Blackwing 111 000 dollarga sotildi — bu yangi avtomobil narxidan 12 310 dollarga kam. Uning bosib oʻtgan masofasi 4 500 kmni tashkil etdi.

Avtomobil uchun gʻolib taklif xaridor komissiyasi hisobga olinmagan holda 111 000 dollarni tashkil etdi. 2026-yilgi Cadillac CT5-V Blackwingʻning ishlab chiqaruvchi yorligʻida koʻrsatilgan dastlabki narxi 123 310 dollar edi. Mashinaga yangi egasi 6 pogʻonali mexanik uzatma va 18 ming dollarlik Precision Package paketi bilan buyurtma bergan; mulk huquqini oʻtkazishdan oldin kreditorning garovini toʻliq yopish talab etiladi.
Kaput ostiga 668 ot kuchiga ega, ish hajmi 6,2 litr boʻlgan kompressorli V8 LT4 dvigateli oʻrnatilgan. Uning aylantiruvchi momenti 893,48 N·mni tashkil etadi. Tortish kuchi mexanik uzatma va elektron differensial blokirovkasi orqali orqa gʻildiraklarga uzatiladi. Precision Package paketi Brembo karbon-keramik tormozlarini, qayta sozlangan MagneRide amortizatorlarini, qattiqroq prujinalarni, kattalashtirilgan oldingi stabilizatorni va takomillashtirilgan osma elementlarini oʻz ichiga oladi.
Kuzov Argent Silver Metallic rangiga boʻyalgan va ustidan XPEL satin himoya plyonkasi qoplangan. Shuningdek, avtomobilda karbon orqa spoyler, Michelin Pilot Sport Cup 2R shinalari oʻrnatilgan 19 dyuymli gʻildiraklar, qizil tormoz supportlari va qoraytirilgan oynalar bor. Salonda charmdan ishlangan, shamollatiladigan, isitiladigan va massaj funksiyasiga ega oʻrindiqlar, AKG audio tizimi, proyeksion displey hamda ishlash koʻrsatkichlarini yozib oluvchi videoregistrator oʻrnatilgan.
Material mualliflari ushbu sotuvga boʻlgan qiziqishni CT5 ishlab chiqarilishi tez orada yakunlanishi mumkinligi bilan bogʻlamoqda: mavjud xabarlarga koʻra, 2026-yilgi sedanlarni kalendar yilining oxirigacha yigʻishadi, shundan soʻng ishlab chiqarish toʻxtatilishi mumkin. Keyingi CT5-V Blackwing va uning kuch qurilmasining kelajagi hozircha nomaʼlum, shu bois V8 dvigateli va mexanik uzatmasi bor hozirgi versiya bunday avtomobillar muxlislari orasida ayniqsa talabgir boʻlishi mumkin.





