MG brendi 315 ot kuchiga ega 07T universalini ishlab chiqdi
Xitoy vazirligi eʼlon qilgan hujjatlar yangi MG 07T universalining xususiyatlarini ochib berdi. Model elektr va gibrid versiyalarda taqdim etilishi aytilgan, biroq sotuvlar boshlanish sanasi hozircha nomaʼlum.

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi yangi MG 07T universalini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarni eʼlon qildi. Ulardan maʼlum boʻlishicha, model haydovchiga yordam berish tizimlariga ega boʻladi. Old oynaning tepasida joylashgan lidar esa avtonom boshqaruvni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatiga ishora qilishi mumkin.
Universal zamonaviy MG modellariga xos uslubda yaratilgan: unda C shaklidagi old optika, faol radiator panjarasi, kengaytirilgan gʻildirak arkalari va choʻzilgan kuzov bor. Avtomobilning uzunligi 4889 mm, kengligi — 1900 mm, balandligi — 1485 mm, gʻildirak bazasi esa 2825 mmni tashkil etadi. MG 07T avgust oyida Xitoy bozoriga chiqqan MG 07 liftbeki negizida qurilgan.
Elektr versiyasi uchun quvvati 236 va 315 ot kuchiga teng boʻlgan ikkita kuch qurilmasi varianti eʼlon qilingan. Akkumulyator parametrlari va yurish zaxirasi hozircha oshkor etilmagan. Gibrid versiya 111 ot kuchiga ega ichki yonuv dvigateli hamda 204 ot kuchilik elektr motor bilan jihozlanadi. MG 07Tning Xitoy bozoriga chiqish muddatlari eʼlon qilinmagan.





